Xalqaro ekspertning Akademiya Loyihalar ofisi salohiyatini oshirishdagi ishtiroki

Xalqaro ekspertning Akademiya Loyihalar ofisi salohiyatini oshirishdagi ishtiroki

Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatida loyiha boshqaruvini joriy etish borasidagi tadbirlar doirasida, USAIDning O'zbekistondagi sud-huquq sohasidagi islohotlarni qo'llab-quvvatlash dasturi ko'magida, personalni boshqarish va ma'muriy huquq sohalari mutaxassisi, Massachusets universiteti (AQSH) professori Malkolm Russel-Eynxorn Akademiya ishiga jalb etildi.

Ekspert tomonidan Akademiya professor-o'qituvchilari uchun loyiha boshqaruvini joriy etish borasidagi ishlar bilan tanishish, loyiha jamoasi bilan individual uchrashuvlar, loyihalar portfelini tahlil qilish, vaqt, sifat va resurslarni boshqarish va monitoring qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha tegishli tavsiyalar, hamkorlikdagi dasturlar va metodik hujjatlar ishlab chiqish, shuningdek, ma'ruza va treninglar o'tkazish kabi tadbirlarni o'z ichiga oluvchi dastur amalga oshirildi.

Dastur doirasida Malkolm Russel-Eynxorn bilan Akademiya rahbariyati o'rtasida o'tkazilgan uchrashuvda prokuratura organlari tizimida loyiha boshqaruvi faoliyatini amalga oshirish natija va istiqbollari, Akademiyaning Massachusets universiteti bilan kelgusidagi hamkorligi masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro ekspert Akademiya tarkibiy tarmoqlari tomonidan loyihalarning amalga oshirilishi hamda Loyihalar ofisi faoliyati bilan tanishdi.

Akademiya Loyihalar ofisi faoliyatini tahlil qilish natijalariga ko'ra, loyiha boshqaruvini amalga oshirish, uning sifatini monitoring qilish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi.

Shuningdek, ekspert tashrifi doirasida Akademiya xodimlari uchun o'zaro loyihalarni boshqarishning zamonaviy texnologiyalari va dasturlarini qo'llash, vaziyatni tahlil qilish, vaqtni boshqarish va jamoa bilan ishlash ko'nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Prokuratura organlari faoliyatida loyiha boshqaruvini joriy etish istiqbollari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. 

Tashrif chog'ida xalqaro ekspert Akademiyaning loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi harakatlarini yuqori baholab, bu borada kelgusidagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishga tayyor ekanligini ta'kidladi. 

Dastur yakuniga ko'ra, Akademiyaning loyiha boshqaruvi yo'nalishidagi salohiyatini yanada oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilib, prokuratura organlari xodimlari uchun hamkorlikda o'quv dasturlari va o'quv-metodik materiallar tayyorlash, trening va seminarlar o'tkazish, loyihalar portfelini amalga oshirish orqali o'zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida kelishib olindi.