Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha istiqbolli chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan uchrashuv o'tkazildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha istiqbolli chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan uchrashuv o'tkazildi

2019 yilning 25 aprel kuni Bosh prokuratura Akademiyasida ishlab chiqilayotgan 2019-2021 yillarga mo'ljallangan Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha davlat dasturi loyihasi yuzasidan xalqaro ekspertlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda BMT Rivojlanish dasturining korruptsiyaga qarshi kurashish Global dasturi bo'yicha maslahatchisi (Singapur) A.Timilsina, BMT Rivojlanish dasturining Istambuldagi mintaqaviy markazi korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati va  davlat boshqaruvi bo'yicha maslahatchisi I.Kotetishvili, Fransiya rivojlanish agentligining komplaens masalalari bo'yicha huquqiy maslahatchisi G.Muxammedova kabi korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi yetakchi xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Shuningdek, uchrashuvda Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash faoliyatini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish bo'yicha jamoatchilik kengashi Raisi I.Abdullaev, O'zbekistondagi BMT Rivojlanish dasturi loyihasining vakillari, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Respublika idoralararo komissiyasi a'zolari, Bosh prokuratura Akademiyasi rahbariyati va xodimlari qatnashdi.

Muhokama davomida ekspertlar tomonidan Davlat dasturi loyihasini takomillashtirish yuzasidan, shu jumladan korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, korrupsiyaga duchor bo'lgan sohalarni aniqlash mexanizmlarini takomillashtirish, davlat xizmati maqomini huquqiy tartibga solish, maishiy korruptsiyaga barham berish va boshqalar bo'yicha tavsiyalar berildi.

Uchrashuv natijalari bo'yicha ishtirokchilar tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha istiqbolli aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.