BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi taklifiga asosan Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari Moskva shahrida joriy yilning 14-16 may kunlari bo'lib o'tgan BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi implementatsiyasini ko'rib chiqish mexanizmi bo'yicha tayyorlov seminarida ishtirok etishdi.
Seminarning asosiy maqsadi BMTning Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi implementatsiyasini ko'rib chiqish Mexanizmi doirasida ishlash uchun ishtirokchilarni kompetentsiyalarga o'rgatish va rivojlantirish hisoblanadi.
Seminarda 2020 yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi Konventsiyasi qoidalari ijrosi ikkinchi doirada ko'rib chiqiladigan Afrika qit'asi, Markaziy Osiyo, Janubiy-Sharqiy Yevropa, Markaziy va Janubiy Amerika davlatlari vakillari ishtirok etishdi.
Seminar davomida kuzatuvdan o'tkazilgan davlatlar bo'yicha hisobot, ma'ruza va rahbariy ko'rsatmalarning umumiy nazorat ro'yxati, kelgusida o'tkaziladigan kuzatuvlar mexanizmi sifatida foydalanilish uchun taqdim etildi.
Shu bilan birga, o'zini baholash, tahliliy o'rganish, to'g'ri muloqotlar o'tkazish hamda davlatlar bo'yicha umumlashmalar to'g'risida hisobot taqdimotini o'tkazish yuzasidan amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.
Seminar yakunida ishtirokchilar umumlashtirish mexanizmi yuzasidan ijobiy amaliy tajribalar bilan almashishdi.