«Transparency International»ning milliy bo'linmalari bilan uchrashuv

«Transparency International»ning milliy bo'linmalari bilan uchrashuv

2019 yil 15 may kuni O'zbekistondagi BMTning Taraqqiyot dasturi Vakolatxonasi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tomonidan «Transparency International»ning Qozog'iston, Rossiya va Ukrainadagi milliy bo'linmalari vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Bosh prokuratura Akademiyasi rahbariyati, Respublika idoralararo komissiyasining ekspert guruhi a'zolari, Adliya va Moliya vazirliklari vakillari, Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o'rganish markazi vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Qozog'istonning Transparency International ijrochi direktori Olga Shiyan, Rossiyaning Transparency International bosh direktori o'rinbosari, «Deklarator» loyihasi rahbari Andrey Djvirblis va Ukrainaning Transparency International xalqaro munosabatlar bo'limi rahbari Anastasiya Kozlovtseva ishtirokchilarni «Korrupsiyani qabul qilish indeksi» metodologiyasining tuzilishi, «Transparency International» milliy bo'linmalarining vazifalari va faoliyatining asosiy yo'nalishlari hamda amalga oshirilayotgan tadbirlar va loyihalar bilan tanishtirishdi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida «Transparency International» milliy bo'linmalari vakillari O'zbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan islohotlar va loyihalar haqida xabordor qilindi.

Uchrashuv «Transparency International» milliy bo'linmalari faoliyatining asoslari, ularning turli davlatlardagi ish tajribalari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.