Joriy yilning 29 may kuni Bosh prokuratura Akademiyasida YUNISEF eksperti Svetlana Rijikova ishtirokida “O'zbekistonda voyaga yetmaganlar o'rtasida huquqbuzarliklar va nazoratsizlikning oldini olish tizimini kuchaytirish masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, IIV Akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti va Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida voyaga yetmaganlar o'rtasida huquqbuzarliklar va nazoratsizlikning oldini olish tizimini isloh qilish, profilaktikaning barcha bosqichlarida faoliyatni tashkil etish sifati, preventiv dasturlar va yangi turdagi xizmatlarni rivojlantirish zarurati, monitoring hamda voyaga yetmaganlarni qayta integratsiyalash jarayonining samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar natijasiga ko'ra ishtirokchilar tomonidan voyaga yetmaganlar o'rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi oldini olish tizimida islohotlarni sifatli va tizimli ravishda amalga oshirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.