2019 yilning 31 may kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi Kengashining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi.
Majlis davomida Bosh prokuratura Akademiyasi professor-o'qituvchilari tarkibining joriy yil besh oy davomidagi ilmiy faoliyati monitoringi natijalari ko'rib chiqildi. Akademiya xodimlari tomonidan tizimli asosda ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilayotganligi, ilmiy maqolalar, monografiyalar, risolalar chop etib borilayotganligi, dissertatsiya va monografiyalarga taqrizlar tayyorlanayotganligi, Akademiya ilmiy salohiyatining esa yuksalishi kuzatilayotganligi ta'kidlandi.
Akademiyaning asosiy vazifalaridan biri o'qitishning amaliy xususiyatiga va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash hisoblanadi. 2019/2020 o'quv yilidan boshlab magistrlarni tayyorlash boshlanishi munosabati bilan Akademiya Kengashida Bosh prokuratura Akademiyasining magistraturasiga qabul qilish tartibi to'g'risidagi nizom loyihasi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Kengash a'zolari tomonidan prokuratura organlari xodimlari va Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan nashrga tayyorlangan o'quv-uslubiy va amaliy qo'llanmalar ko'rib chiqildi.
Shuningdek, kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.