2020 yil 20 fevralda Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuratura Akademiyasi hamda O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi memorandum imzolanishiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Tadbirda Akademiya va Jahon tillari universiteti rahbariyati hamda professor-o'qituvchilari jamoasi ishtirok etdi.
Tadbir davomida tomonlar o'rtasida bo'lib o'tgan konstruktiv muloqotda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, kelgusidagi eng muhim yo'nalishlari belgilab olindi.
Ta'kidlash joizki, Akademiya til o'rgatish kafedrasi tomonidan Jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda Akademiya tinglovchilari va xodimlariga xorijiy tillarni o'qitish, xususan, yuridik ingliz tilini o'qitishning innovatsion metodlarini joriy etishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shuningdek, Akademiya tayanch doktoranturasi va mustaqil izlanuvchilikka nomzodlar uchun ingliz tili bo'yicha malaka imtihonlariga Universitet professor-o'qituvchilari vakillari imtihon komissiyasi raisi hamda a'zolari sifatida jalb qilib kelinmoqda.
Memorandumning imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Xususan, unda universitetning yetakchi mutaxassislarini ilmiy tadqiqot hamda o'quv jarayonlariga jalb qilishni kengaytirish imkoniyatlari, Akademiya professor-o'qituvchilarining universitet talabalari huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishi hamda hamkorlikda yuridik ingliz tilini o'rganish uchun o'quv materiallari va boshqa loyihalarni ishlab chiqilishi ko'zda tutilgan.