Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining davlat ijrochilarini tizimli ravishda malakasiini oshirish kurslari o'tkazilib, mashg'ulotlar ta'limning (blended learning) aralash shaklida ya'ni, «3+1» tizimida o'qishning (75%) ishdan ajralmagan holda masofaviy ta'lim orqali (25%) Akademiyada o'tkaziladigan mashg'ulotlarda bevosita ishtirok etish orqali tashkil etib kelinmoqda.
2020 yilning 17 fevralidan Akademiyada tashkil etilgan mashg'ulotlarda Byuroning tuman (shahar) bo'lim davlat ijrochilari ishtirokidagi navbatdagi “Ijro ishi yuritish sohasidagi qonun hujjatlarini amaliyotga to'g'ri tatbiq etilishini ta'minlash masalalari” mavzusidagi malaka oshirish kursi boshlandi.
O'quv kursi dasturi tinglovchilarning real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilib, ijroga kelib tushgan barcha turdagi ijro hujjatlarini ijro etish bilan bog'liq tegishli kompetentsiyalarni, protsessual hujjatlarni tayyorlash, xizmatdagi konfliktlarni bartaraf etish, shuningdek sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish hamda davlat ijrochisining boshqa faoliyat yo'nalishlarida ma'muriy huquqbuzarliklarni ko'rib chiqishga doir professional ko'nikmalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Akademiyada tashkil etilgan mashg'ulotlar doirasida interaktiv, muammoli vaziyatlar o'quv metodlarni hamda axborot-kommunikatsion texnologiyalar va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo'llagan holda ma'ruza va amaliy mashg'ulotlarni o'tkazish nazarda tutilgan.
Tinglovchilarning kichik guruhlarda ishlashi orqali davlat ijrochilarning ish faoliyatida tizimli ravishda yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilish va umumlashtirish hamda ularni bartaraf qilish yuzasidan rivojlangan xorijiy mamlakatlar va ijobiy ish tajribalarini inobatga olgan holda takliflar ishlab chiqishi kursning amaliy ahamiyatini oshirmoqda.
O'quv kursi yakuni bo'yicha sinov imtihonlari o'tkazish va tinglovchilarga sertifikatlar topshirish ko'zda tutilgan.