Xalq ta'limi tizimidagi islohotlarga bag'ishlangan uchrashuv o'tkazildi

Xalq ta'limi tizimidagi islohotlarga bag'ishlangan uchrashuv o'tkazildi

2020 yil 20 fevral kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Xalq ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari lavozimida ishlagan va hozirda Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori A.YU.Umarovning magistratura tinglovchilari bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Alisher Umarov o'z ma'ruzasida bugungi kunda xalq ta'limi tizimini tubdan isloh qilish va muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni to'laqonli amalga oshirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar haqida tinglovchilarga ma'lumot berdi.

Ma'ruzada shuningdek, ta'lim sohasida mavjud ustuvor vazifalar bilan bir qatorda, prezident maktablarining qurilishi, o'quvchilarni oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirish uchun tayyorlashda zamonaviy standartlarga mos keladigan yangicha yondashuvning joriy etilganligi, olimpiada g'oliblari va ularning murabbiylarini rag'batlantirishning yangi tizimi amalga kiritilganligi va maktab tizimida majburiy mehnatga barham berilganligi kabi islohotlar doirasida sezilarli natijalarga erishilganligi aytib o'tildi.

Uchrashuv yakunida tinglovchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

P.S. Ma'ruza o'qish uchun taklifnoma yuborilgan vaqtda Alisher Yusubjanovich Umarov xalq ta'limi vazirining birinchi o'rinbosari lavozimini egallagan. Bosh prokuratura Akademiyasi jamoasi uni Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlanganligi munosabati bilan samimiy tabriklaydi va unga mazkur ta'lim muassasasining yanada rivojlanishi yo'lida muvaffaqiyatli qarorlar qabul qilishda ulkan zafarlar tilaydi!