2019 yil 10 iyunda Bosh prokuratura Akademiyasida Toshkent shahridagi prokuratura hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlarining mas'ul kotiblari uchun mazkur sektorlar ishini tizimli va samarali tashkil etishga yo'naltirilgan uch kunlik malaka oshirish kurslari tashkil qilindi.
O'quv kurslari mashg'ulotlarini o'tkazishga Akademiya professor-o'qituvchilari bilan bir qatorda Bosh prokuratura boshqarmalari, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Toshkent shahar Xalq qabulxonasi hamda “Mahalla” jamoat fondi rahbarlari va tajribali xodimlari jalb qilingan.
Malaka oshirish kursi davomida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar ishini tashkil qilish, alohida tarmoqlar va hududlarni makroiqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalari, investitsiyalarni jalb etish orqali mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, Xalq qabulxonalari faoliyatida aholi murojaatlari va ularda ko'tarilgan muammolarni monitoring qilish, mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda ish o'rinlarini tashkil etish masalalari bo'yicha mashg'ulotlar nazarda tutilgan.
O'quv mashg'ulotlari interaktiv shaklda o'tkazildi, tinglovchilar o'z faoliyatlari bilan bog'liq dolzarb masala va muammolarni muhokama qilib, ularning yechimiga oid tajriba almashishdi.