Ayni vaqtda Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Oliy Majlis Senati, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi, BMT NJB, shuningdek YEXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi ko'magida 2020 yil 27-28 fevral` kunlari o'tkazilishi mo'ljallangan “Oliy ta'lim – korrupsiyasiz soha” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo'lib o'tmoqda.
Konferensiyadan ko'zlangan maqsad oliy ta'lim sohasida korruptsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan huquqiy mexanizm va amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishining joriy holatini muhokama qilish, ushbu sohada xalqaro tan olingan standartlar va ilg'or xorijiy tajriba asosida akademik halollik madaniyatini rivojlantirish bo'yicha amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
Konferensiya doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro va milliy ekspertlar, bir qator oliy ta'lim muassasalari rahbariyati, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Akademiya xodimlari va boshqa mutaxassislar ma'ruza bilan ishtirok etadilar.
Tadbirning birinchi kuni tematik yalpi majlislar doirasida ta'lim olish imkoniyati va xodimlarni ishga qabul qilish, akademik halollik, oliy ta'lim sohasida korruptsiyaga qarshi kurashishda axborot texnologiyalaridan foydalanish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirning ikkinchi kuni xalqaro ekspertlar ishtirokida oliy ta'lim tizimida korrupsiyaviy holatlarini minimallashtirishga oid trening bo'lib o'tadi.