Kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar tomonidan joylardagi muammolarni o'z vaqtida aniqlash va hal qilish, ular faoliyatini to'g'ri yo'lga qo'yish, shuningdek, bu borada doimiy o'qitishni yo'lga qo'yishni ta'minlash borasida Bosh prokuratura rahbariyati tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida, joriy yilning 10-12 iyun kunlari Akademiyada Toshkent shahri tumanlari sektorlari mas'ul kotiblari ishtirokida “Sektorlar faoliyatini tizimli va samarali tashkil etish” mavzusida qisqa muddatli o'quv kursi o'tkazildi.
O'quv mashg'ulotlari davomida sektorlar faoliyatini to'g'ri tashkil etish, aholining dolzarb muammolarini hal qilish uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, shuningdek, mas'ul kotiblarning boshqaruvchilik va ishchanlik xislatlarini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratildi.
O'qitish oldiga qo'yilgan maqsadga erishish uchun mashg'ulotlarga Bosh prokuraturaning ijtimoiy va iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat sohalariga ixtisoslashgan boshqarmalari xodimlari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Markaziy Banki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq qabulxonalari”, Fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Respublika kengashi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, iqtisodiyot, investitsiyalar va tashqi savdo, bandlik va mehnat munosabatlari, ichki ishlar, moliya vazirliklarining malakali mutaxassislari jalb etildi.
O'quv mashg'ulotlari doirasida tingovchilar Toshkent shahri bo'yicha namunali deb topilgan Mirzo Ulug'bek tumani 2-sektor shtabi faoliyati bilan tanishdilar.
O'quv kurslari davomida ta'kidlanganidek, o'tkazilgan treninglar tinglovchilarda tizimli tahlil qilish, rejalashtirish, ma'lumotlarni yig'ish va ular bilan ishlash, takrorlanib kelayotgan muammolarni aniqlash va hal qilish, jamoa bo'lib ishlash, aholi bilan muloqot qilish va boshqaruv qarorlarini qabul qilish borasidagi mahorat va ko'nikmalarini takomillashtirishga xizmat qildi.
O'quv mashg'ulotlari yakunida tinglovchilar joylardagi sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish va optimallashtirish yuzasidan asoslantirilgan taklif va mulohazalari bayon etilgan taqdimotlarini namoyish qildilar.