Bosh prokuratura Akademiyasida 2019 yilning 27 may – 13 iyun kunlari “Fuqarolik sudlarida fuqarolar, korxona va tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlashda prokuratura organlarining roli” mavzusida tuman (shahar) prokurorlari yordamchilari ishtirokida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
O'quv dasturi joylardagi muammolar, yo'nalishda mavjud bo'lgan tizimli kamchiliklar hamda alohida o'rganilishi talab etilgan dolzarb masalalar doirasidan kelib chiqqan holda tuzildi.
O'quv mashg'ulotlari Akademiya professor-o'qituvchilari, shunigdek Bosh prokuratura va Oliy sud fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atining tajribali xodimlari tomonidan o'tkazildi.
Mashg'ulotlar davomida tinglovchilar tomonidan muhokamaga qo'yilgan alohida toifadagi fuqarolik ishlari bo'yicha shakllangan sud-prokuror amaliyotiga oid bir qator masalalarning yechimi xususida fikr yuritildi.
Tinglovchilar tomonidan amaldagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklar hamda ularni amaliyotda qo'llash masalalari bilan bog'liq tahliliy materiallar tayyorlanib, ushbu mustaqil ishlarning taqdimoti o'tkazildi.
Shuningdek, o'quv mashg'ulotlari davomida tinglovchilar O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo'yicha sudlov hay'atining fuqarolik ishlarini nazorat tartibida ko'rish jarayonida ishtirok etdilar.
O'quv mashg'ulotlari natijasi bo'yicha tinglovchilarga tegishli namunadagi sertifikatlar topshirildi.