Joriy yilning 17 iyun sanasida Afg'oniston Islom Respublikasi Bosh prokurori Muhammad Farid Hamidi boshchiligidagi delegatsiya O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi faoliyati bilan tanishish uchun tashrif buyurdi.
Tashrif jarayonida mehmonlar zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, masofaviy ta'lim, interaktiv hamda muammoli vaziyat metodlari va treninglarga asoslangan Akademiya ta'lim jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Bundan tashqari, delegatsiya vakillari multimedia markazi, axborot texnologiyalaridan foydalanish va Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta'minlash bo'limi, kriminalistik poligon, voqea joyini tekshirish va sud jarayoni imitatsiyasini amalga oshirish xonalari, Akademiya muzeyi hamda kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya a'zolari fikriga ko'ra, Akademiya faoliyatining tashkil etilishi va uning innovatsion salohiyati, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni va mutlaqo yangi faoliyat yo'nalishlarini samarali amalga oshirishga qodir bo'lgan, munosib kadrlar tarkibini shakllantirishni ta'minlaydi.
Tashrif yakunida ikki tomonlama manfaatlarni ifodalaydigan yo'nalishlarda o'zaro hamkorlik aloqalarining istiqbollari haqida kelishuvga erishildi.