Bosh prokuratura Akademiyasi G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha idoralararo tarmog'ining (ARIN-WCA) Kotibiyati funksiyasini amalga oshirishi doirasida, ushbu tarmoqqa a'zo davlatlarning mutasaddi xodimlari va vakillarini aktivlarni qaytarish sohasida o'qitish ishlarini olib boradi.
ARIN-WCA tarmog'iga a'zo davlatlar vakillarining bilim va salohiyatini oshirish maqsadida, 2019 yilning 17-21 iyun kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida Buyuk Britaniyaning AML Consulting Global tashkiloti ekspertlari Jon Bleyk va Rod Stouks ishtirokida “Moliyaviy surishtiruv va aktivlarni ta'qib qilish uchun ochiq manbalardan foydalanish” mavzusida o'quv treningi o'tkazildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi (UNODC) bilan hamkorlikda Afg'oniston va unga qo'shni davlatlar uchun hududiy dasturi doirasida tashkil qilingan mazkur tadbirda Afg'oniston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston davlatlarining prokuratura, huquqni muhofaza qiluvchi organlari, moliyaviy razvedka tarmoqlari va boshqa tegishli idoralari vakillari ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar o'quv mashg'ulotlari davomida ekspertlar tomonidan berilgan ma'lumotlar internet orqali onlayn surishtiruv va qidiruv ishlarini olib borish, raqamli dalillarni to'plash va ularga ishlov berish, ijtimoiy tarmoqlar, chatlar hamda forumlarda kengaytirilgan qidiruvni amalga oshirish, raqamli tasvirlarni tadqiq qilish, «Deep Web» va anonim tarmoqlarda (TOR), shuningdek onlayn savdo maydonchalarida ma'lumotlarni izlash, kriptovalyuta va blokcheynlar yuzasidan bilim va amaliy ko'nikmalarini oshirishga xizmat qilishini ta'kidlashdi.
O'quv treningi amaliy va konstruktiv ruhda o'tkazilib, yakuni bo'yicha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim qilindi.