“Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy sudlov ishlari tizimi” mavzusidagi xalqaro o'quv dasturida ishtirok etildi

“Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy sudlov ishlari tizimi” mavzusidagi xalqaro o'quv dasturida ishtirok etildi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi vakili 2019 yilning 15 may – 21 iyun kunlari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko'magida Tokio shahrida tashkil etilgan “Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy sudlov ishlari tizimi” mavzusidagi xalqaro o'quv dasturida ishtirok etdi.

O'quv dasturining asosiy maqsadi – jinoyatchilikning oldini olish, uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan odam savdosi va migrantlar kontrabandasi jinoyatlariga qarshi kurashish, odam savdosi jabrdiydalarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ishtirokchi davlatlar o'rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

O'quv mashg'ulotlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika qilish bo'yicha Osiyo va Uzoq sharq institutida (UNAFEI) o'tkazildi.

Tadbirda Akademiya vakili “Odam savdosi: muammolar va ularning oldini olish chora-tadbirlari” to'g'risida ma'ruza qildi.

Dastur doirasida Yaponiya adliya vazirligi, sud va prokuratura organlari, dengizni qo'riqlash xizmati va jazoni ijro etish muassasasiga tashrif uyushtirilib, ushbu tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Umuman olganda, jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy sudlov sohasida Yaponiya tajribasini chuqurroq tadqiq etish va O'zbekiston jinoiy sudlov ishlari tizimida tatbiq etish samarali hisoblanadi.