Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan qo'shma ilmiy tadqiqotlar o'tkazish, tajriba almashish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, pedagog va ilmiy xodimlar hamda tinglovchilarning xorijiy ta'lim muassasalarida stajirovkalarini tashkil etish sohasida xalqaro xamkorlikni mustahkamlash bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bois, hamkorlik bitimi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasining 12 nafar xodim va tinglovchilaridan iborat guruh Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo'jaligi va davlat xizmati akademiyasi filiali – Sibir boshqaruv instituti faoliyati bilan tanishish uchun 8 kunlik tashrifni amalga oshirdi.
Tashrif davomida masofaviy ta'limni joriy etish, innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo'llagan holda o'quv jarayonini tashkil etish, nazorat tizimi, fan va amaliyotdagi dolzarb muammolar bo'yicha qo'shma fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni rejalashtirish, tashkil etish va o'tkazish bo'yicha tadbirlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif dasturidan ikki tomonlama uchrashuvlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlar o'rin olgan. Xususan, Novosibirsk oblasti prokuratura organlari xodimlari, Novosibirsk oblasti gubernatorining birinchi o'rinbosari va boshqalar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Tashrif doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati” mavzusida o'quv kursi o'tkazilib, yakuni bo'yicha ishtirokchilarga malaka oshirilganligi to'g'risida guvohnomalar topshirildi.
Mazkur tashrif ta'lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sohasidagi hamkorlik to'g'risidagi bitimning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.