Joriy yilning 24 iyun – 1 iyul kunlari Lund universitetining Huquq sotsiologiyasi departamenti boshlig'i Matias Bayer boshchiligidagi delegatsiyaning Bosh prokuratura Akademiyasiga navbatdagi tashrifi bo'lib o'tdi.
Tashrifdan ko'zlangan maqsad – yurisprudensiya yo'nalishlari va huquq sotsiologiyasi bo'yicha ilmiy kadrlar tayyorlash va hamkorlikdagi tadqiqotlar o'tkazish sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish edi.
Akademiya rahbariyati bilan bo'lib o'tgan uchrashuv chog'ida tomonlar o'zaro imzolangan memorandum doirasida ikki taraflama hamkorlikni davom ettirish masalalarini muhokama qildilar.
Tashrif doirasida xorijiy mehmonlar Akademiya faoliyati bilan, xususan, multimedia markazi, kriminalistika xonalari, sud majlislari imitatsiyasi zali, shuningdek, kafedra, bo'lim va markazlar ishi bilan tanishdilar.
Huquq sotsiologiyasini o'rganishga bo'lgan qiziqishni inobatga olib, ilmiy tadqiqotlar o'tkazishda tegishli metod va yondashuvlarni qo'llash maqsadida, M.Bayer va universitet katta ilmiy xodimi R.Urunbaevlar “Stokgolm, Bogota va Toshkent huquqiy madaniyatlarini qiyosiy o'rganish” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdilar. Tadbir ishtirokchilari huquqiy muammolarni o'rganishda sotsiologik ma'lumotlarni tahlil qilishning ahamiyatini alohida ta'kidladilar.
Shuningdek, tashrif davomida Lund universiteti vakillari jinoyatlarni profilaktika qilish va voyaga yetmagan shaxslarni odil sudlovdan chetlatish mexanizmlarini qo'llash bo'yicha Akademiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.
Tashrif yakuniga ko'ra, taraflar ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va o'zaro foydali hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini ma'lum qildilar.