Qonuniylikni ta'minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda mahallaning rolini oshirish

Qonuniylikni ta'minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda mahallaning rolini oshirish

Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari bilan o'zaro hamkorlikni mustahkamlash borasida belgilangan vazifalarni ijro etish, shuningdek, dolzarb muammolarni aniqlash va hal etishga doir faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida joriy yilning 24 – ­29 iyun` kunlari Akademiya tomonidan Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi fuqarolar yig'ini raislari hamda kotiblari ishtirokida “Qonuniylikni ta'minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishda mahallaning o'rni” mavzusida sayyor o'quv kursi tashkil etildi.

Mazkur o'quv kursining maqsadi hududlarda qonuniylikni ta'minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etishda jamoatchilik, ayniqsa, mahallaning rolini oshirishdan iborat.

O'quv kursi davomida tinglovchilarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko'rib chiqish ishlarini samarali tashkil etish, fuqarolar qabulini to'g'ri amalga oshirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan samarali hamkorlikni yo'lga qo'yish, muammoni to'g'ri aniqlash va o'z vaqtida bartaraf etish, vaziyatlarni tizimli tahlil qilish, nizoli vaziyatlarda kechiktirmay qaror qabul qilishga doir bilim va ko'nikmalarni shakllantirishga alohida e'tibor qaratildi.

Mashg'ulotlar o'qitishning interfaol metodlarini qo'llagan holda trening va ma'ruzalar shaklida, shuningdek, Bosh prokuraturaning tegishli tarmoqlari va boshqa idoralarning mutaxassislarini jalb qilgan holda tashkil etildi.

O'quv kursi yakunida, tinglovchilar mashg'ulotlarning samaradorligi yuzasidan fikr bildirib, treningda orttirilgan bilim va ko'nikmalar hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va barqarorlikni ta'minlash, shuningdek, aholining dolzarb muammolarini hal etishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda asqotishini ma'lum qilishdi.