O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi vakillari G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'i (ARIN-WCA) Kotibiyatining vazifalarini amalga oshirishlari doirasida Yevropaning CARIN tarmog'i hamda Yevropolning jinoiy aktivlar bo'yicha byurosi tomonidan Niderlandiyaning Gaaga shahrida tashkillashtirilgan aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmoqlarning (ARIN) kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillarining uchrashuvida ishtirok etishdi.
Yevropolning bosh binosida o'tkazilgan mazkur uchrashuvda Yevropa (CARIN), Osiyo va Tinch okeani (ARIN-AP), Karib havzasi (ARIN-CARIB), Sharqiy Afrika (ARIN-EA), G'arbiy Afrika (ARIN-WA), Janubiy Afrika (ARINSA), Lotin Amerikasi (RRAG), G'arbiy va Markaziy Osiyo (ARIN-WCA) mintaqalarida hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan tarmoqlarning kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillari, Yevropol, Yevrokomissiya, GIZ fondi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi ekspertlari qatnashishdi.
Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy tarkibi sifatida aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmoqlarning o'rni va ahamiyatini e'tirof etishib, ushbu tarmoqlarning samaradorligini yanada oshirish, davlatlarning aktivlarni qaytarish sohasidagi aloqalarining muhimliligi, samarali hamkorlikni amalga oshirish va mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etish maqsadida ishtirok etuvchi davlatlar doirasini kengaytirish, asosiy vazifa va yo'nalishlarni belgilash, professional aloqalarni o'rnatish va ularni yanada chuqurlashtirish, mazkur sohadagi yangi bilim va tajribalar bilan almashish kabi masalalarni muhokama qilishdi.
Uchrashuv doirasida ishtirokchilarga ARIN-WCA Kotibiyati nomidan Bosh prokuratura Akademiyasi xodimi tomonidan ARIN-WCAning faoliyati, amalga oshirilgan ishlar va kelajakdagi istiqbolli rejalar yuzasidan prezentatsiya qilindi.
Aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmoqlarning (ARIN) kotibiyatlari va raislik qiluvchi davlatlari vakillarining uchrashuvi informativ va ishchan ruhda o'tkazilib, yakunlari bo'yicha ishtirokchilar tomonidan kelajakda muhokama qilinadigan muhim masalalar belgilab olindi, faol hamkorlik qilish va ARIN doirasida aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklari bildirildi.