2020 yilning 28-30 aprel kunlari AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) nomidan faoliyat yurituvchi “Tetra Tech DPK” kompaniyasi vakillari ko'magida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida taniqli xalqaro ekspert, ko'p yillar davomida Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish akademiyasi dekani lavozimida ishlagan Martin Kroytner bilan vedeokonferensaloqa rejimida turkum uchrashuvlari tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida M.Kroytnerga Bosh prokuratura Akademiyasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va “Korrupsiyaga qarshi kurashish” magistratura mutaxassisligi o'quv dasturlari haqidagi faoliyati bo'yicha batafsil ma'lumot berildi.
Xalqaro ekspert ishtirokchilarni korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mutaxassislarni tayyorlovchi yetakchi xorijiy ta'lim muassasalari tajribalari bilan tanishtirib, ularning tajribasiga tayangan holda Akademiyaning magistratura mutaxassisligi o'quv dasturlarini takomillashtirish bo'yicha o'zining dastlabki tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, tomonlar xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy tajriba asosida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisligi bo'yicha qisqa muddat ichida yangilangan o'quv dasturlarini ishlab chiqish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro va xorijiy ekspertlarni masofaviy shaklda ta'lim jarayoniga jalb qilish masalalarini atroflicha muhokama qilib olishdi.
Uchrashuvlar yakunida tomonlar samarali hamkorlikni davom ettirish haqida kelishib oldilar.