Sudyalar oliy maktabida o'tkazilgan qo'shma o'quv mashg'uloti

Sudyalar oliy maktabida o'tkazilgan qo'shma o'quv mashg'uloti

Bosh prokuratura Akademiyasining “Iqtisodiy sudlarda ishlarni har taraflama va adolatli ko'rilishini ta'minlashda prokurorning roli” mavzusidagi malaka oshirish kursi tinglovchilari hamda Sudyalar oliy maktabi tinglovchilari uchun joriy yilning 28 noyabrida Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida qo'shma o'quv-seminar mashg'uloti tashkillashtirildi.

Qo'shma o'quv-seminar mashg'uloti doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi va Sudyalar oliy maktabining professor-o'qituvchilari, shuningdek Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati iqtisodiy sudlarining sudyalari iqtisodiy sud yo'nalishida odil sudlovni amalga oshirishda amaldagi qonunchilik normalariga rioya qilish masalalari yuzasidan tushuntirishlar berdilar.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo'yilishi sababli yetkazilgan zararni qoplash bilan bog'liq sud nizolarini hal qilishda qonun hujjatlarini qo'llashning xususiyatlari mavzusida Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan qilingan ma'ruzada so'nggi yillarda mazkur masalada qonunchilikka kiritilgan yangiliklar  hamda ularni qo'llash yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 noyabrdagi “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarorining mazmun-mohiyati, ushbu Qaror bilan prokuratura organlari oldiga qo'yilgan vazifalar, jumladan xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to'g'risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta'minlash borasidagi talablar tushuntirib o'tildi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori bilan belgilangan  jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta'minlash hamda yer uchastkalarini olib qo'yish va kompensatsiya berishga oid yangi tartib-qoidalar haqida to'xtalib o'tildi.

Qo'shma o'quv mashg'uloti davomida tinglovchilar shuningdek qishloq xo'jaligi sohasida yuzaga kelayotgan iqtisodiy nizolar, jumladan kontraktatsiya shartnomalari, yer ijarasi shartnomalaridan kelib chiqayotgan nizolarni hal qilish bo'yicha shakllangan sud amaliyoti yuzasidan ma'lumotlar oldilar.

Qo'shma o'quv mashg'uloti yakuni bo'yicha savol-javoblar o'tkazilib, tinglovchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.