2019 yilning 3 dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Ijro xizmati boshlig'i I.M.Idriszoda boshchiligidagi delegatsiya O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida tashkil etilgan o'quv seminarda Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Ijro xizmati vakillari, Majburiy ijro byurosining markaziy apparat xodimlari, Byuroning Toshkent shahar davlat ijrochilari hamda Akademiya professor-o'qituvchilari ishtirok etib, tadbir davomida Tojikiston Respublikasida hamda O'zbekiston Respublikasida sud hujjatlarini majburiy ijro etish tizimi va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xususida ma'lumotlar berildi.
Tashrif davomida mehmonlar Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatining asosiy yo'nalishlari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali masofaviy ta'limni joriy etgan holda, Majburiy ijro byurosi xodimlari uchun tashkil etilayotgan o'quv jarayonlari, Akademiyaning infratuzilmasi, shu jumladan mul`timedia markazi va amaliy imitatsion mashg'ulotlarni amalga oshirish uchun maxsus xonalar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif yakuniga ko'ra, tomonlar o'zaro foydali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.