Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtiroki mavzusida o'tkazilgan malaka oshirish kurslarining natijalari haqida

Iqtisodiy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtiroki mavzusida o'tkazilgan malaka oshirish kurslarining natijalari haqida

Bosh prokuratura Akademiyasida tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning yordamchilari ishtirokida “Iqtisodiy sudlarda ishlarni har taraflama va adolatli ko'rilishini ta'minlashda prokurorning roli” mavzusida malaka oshirish kursi yakunlandi.

Kurs doirasidagi o'quv mashg'ulotlarida tinglovchilarga sud-huquq islohotlari, Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan yangi normalar, protsessual va moddiy qonun normalarini to'g'ri qo'llash, muayyan toifadagi iqtisodiy ishlar bo'yicha yagona sud amaliyotini ta'minlash masalalari, iqtisodiy sudlov sohasida prokuratura idoralari zimmasiga yuklatilgan vazifalar xususida batafsil ma'lumot va tushuntirishlar berildi.

O'qitishning amaliy xususiyati va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikni ta'minlash, shuningdek Respublikada yagona sud amaliyotini shakllantirish borasida sudlar faoliyati bilan tanishish maqsadida tinglovchilar uchun sayyor o'quv mashg'ulotlari tashkillashtirilib, ular iqtisodiy ishlarni birinchi sud instantsiyalarida, shuningdek apellyatsiya va kassatsiya sud instantsiyalarida ko'rilishida ishtirok etdilar.

Sayyor o'quv mashg'ulotlari davomida olingan bilimlar tinglovchilar tomonidan sud jarayoni imitatsiyasini o'tkazish orqali namoyish etib berildi.

Malaka oshirish kurslari doirasida Akademiya va Sud`yalar oliy maktabi tinglovchilari uchun qo'shma o'quv-seminar mashg'ulotlari tashkillashtirilib, unda Akademiya va Sud`yalar oliy maktabining professor-o'qituvchilari, shuningdek iqtisodiy sudlarning sud`yalari tomonidan iqtisodiy sudlov sohasida odil sudlovni amalga oshirishda amaldagi qonun hujjatlarini qo'llash xususida tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, tinglovchilar tomonidan mustaqil ishlar bajarildi.

O'quv kursi davomida turli amaliy va sport mashg'ulotlari, shuningdek, madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Malaka oshirish kurslarining natijasi bo'yicha mustaqil ishlarni muvaffaqiyatli himoya qilgan hamda sinov imtihonlarini topshirgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar topshirildi.