Bosh prokuratura Akademiyasida tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning yordamchilari ishtirokida “Fuqarolik va ma'muriy sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokining samaradorligini oshirish masalalari” mavzusida malaka oshirish kursi tugallandi.
O'quv kursining asosiy maqsadi tinglovchilarning bilim va ko'nikmalarini, tizimli tahlil va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish, fuqarolik va ma'muriy sud ishlarini yuritishda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi ilg'or xorijiy va milliy tajribani yetkazishdan iborat bo'ldi.
Malaka oshirish kursi doirasidagi o'quv mashg'ulotlarida mamlakatda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari, Fuqarolik protsessual kodeksi hamda Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksining normalarini to'g'ri qo'llash, fuqarolik va ma'muriy sudlov sohasida muayyan toifadagi ishlarni ko'rilishida yagona sud amaliyotini ta'minlash masalalari, sohada xizmat qilayotgan prokuratura xodimlarining vazifalariga alohida ahamiyat berildi.
O'quv mashg'ulotlarida Bosh prokuratura tarkibiy tarmoqlari xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sud`yalar Oliy maktabi va boshqa idoralar rahbarlari hamda yetuk mutaxassislari ma'ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Shuningdek, Akademiya va Sud`yalar oliy maktabi tinglovchilari uchun qo'shma o'quv-seminar mashg'ulotlari, hamda yuqori turuvchi sud instantsiyalarida sayyor o'quv mashg'ulotlari tashkillashtirildi.
Tinglovchilar tomonidan o'zlashtirilgan bilimlar o'tkazilgan sud jarayonlarining imitatsiyasida namoyish etildi.
Akademiya tomonidan o'tkazilgan mazkur o'quv mashg'ulotlari tegishli boshqarmalarning shu sohaga oid faoliyatini yo'lga qo'yishdagi ijobiy ish tajribalar bilan almashishga imkoniyat yaratdi.
O'quv kursi davomida turli amaliy va sport mashg'ulotlari, shuningdek, madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi.
O'quv kursi yakuni bo'yicha yakuniy imtihonlardan muvaffaqiyatli o'tgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.