Transport prokuraturasi masul xodimlari uchun malaka oshirish kursi yakunlandi

Transport prokuraturasi masul xodimlari uchun malaka oshirish kursi yakunlandi

Bosh prokuratura Akademiyasida Transport prokuraturasining sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun masul bo'lgan xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan “Avtomobil, daryo transporti va yo'l xo'jaligi sohalarida qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish” mavzusidagi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining tegishli buyrug'i ijrosi yuzasidan navbatdan tashqari tashkil etilgan masofaviy o'quv kursi o'z nihoyasiga yetdi.

Mazkur malaka oshirish kursi dasturini ishlab chiqishga O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va uning idoraviy tashkilotlari mutaxassislari jalb etilgan bo'lib, unda sohaga oid dolzarb mavzular qamrab olingan.

Xususan, o'quv mashg'ulotlari davomida tinglovchilar avtomobil` tashuvlari (shu jumladan xalqaro tashuvlar) bo'yicha litsenziyalash, ruxsat berish, tenderlar tashkil etish va ushbu faoliyatni nazorat qilish masalalari, Transport vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksni qo'llash amaliyoti borasida bilim va malakalarini oshirdilar.

Shuningdek, yo'l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish va yo'l xo'jaligini rivojlantirish masalalari, daryo transportini rivojlantirish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat, umumiy foydalanishdagi va ichki xo'jalik avtomobil` yo'llarini hamda transport infratuzilmasining boshqa ob'ektlarini moliyalashtirish, qurish, rekonstruktsiya qilish, ta'mirlash, saqlash masalalari, shuningdek avtovokzallar, avtostantsiyalar faoliyati ustidan nazorat masalalari atroflicha ko'rib chiqildi.

Mazkur kurs tinglovchilarning ishdan ajralmagan holda masofaviy mustaqil malaka oshirishiga mo'ljallangan.