Joriy yilning 11 dekabr kuni “Windham” mehmonxonasida BMTTD, USAID hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining “Qonun ustuvorligi sohasidagi hamkorlik” qo'shma loyihasi doirasida Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda “Prokuratura, sud va advokatura organlarining qonun ustuvorligini ta'minlash bo'yicha o'zaro hamkorligining zamonaviy tendentsiyalari” mavzusida xalqaro davra suhbati o'tkazildi.
Tadbirda Buyuk Britaniya, Turkiya, Ispaniyadan tashrif buyurgan ekspertlar, O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudining sud`yalari, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi markaziy mahkama xodimlari, Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o'qituvchilari va magistrantlari, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari, O'zbekiston Advokatlar palatasi, IIV Akademiyasi, Toshkent Davlat yuridik universtiteti, Milliy gvardiya Harbiy texnika instituti, Xalqaro iqtisod va diplomatiya universitetining vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni ochish munosabati bilan so'zga chiqqan Akademiya boshlig'i o'zining kirish so'zida mamlakatimizda qonunchilikni takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlash, advokatura institutini yanada rivojlantirish, fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasini ta'minlashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar javobgarligini kuchaytirish yo'lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to'xtalib, sud amaliyotida mavjud bo'lgan muammolarning yechimini ta'minlashda prokuratura, sud va advokatura idoralari o'rtasidagi hamkorlikning ahamiyatini ta'kidlab o'tdi.
Davra suhbati davomida Akademiyaning sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash kafedrasi boshlig'i M.Z.Radjapovaning “Fuqarolik, iqtisodiy va ma'muriy sud protsesslarida prokuror ishtirokining protsessual-huquqiy asoslari” hamda Akademiyaning sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish kafedrasining katta o'qituvchisi A.Xamidovning “Sud qarorlari ijrosi tizimini yanada takomillashtirish masalalari” mavzularidagi ilmiy-tahliliy izlanishlarining natijalari tadbir ishtirokchilarining muhokamasiga kiritildi.
Shuningdek, xalqaro davra suhbati davomida o'tkazilgan munozaralarda fuqarolarning odil sudlovga murojaat qilish imkoniyatlari, sud jarayonining barcha bosqichlarida taraflar tortishuvi tamoyilini ta'minlash, sudlarda prokuror va advokat ishtiroki, qonun ustuvorligini ta'minlashda prokuratura, sud va advokatura organlarining hamkorligi, horijiy davlatlarning bu boradagi tajribasi bilan bog'liq masalalar muhokama etildi.
Horijiy ekspertlar tadbir ishtirokchilarini Turkiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya davlatlarining jinoyat va fuqarolik sudlov sohalarida odil sudlovni amalga oshirish, sud jarayonlarida taraflar tortishuvi tamoyilini ta'minlash hamda sud qarorlarini ijro etish sohalariga taalluqli bo'lgan qonunchiligi xususiyatlari bilan tanishtirib o'tdilar.
Xalqaro davra suhbati natijalariga ko'ra prokuratura, sud va advokatura organlarining hamkorligini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.