Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ekspertizalarni o'tkazish bo'yicha xalqaro trening

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ekspertizalarni o'tkazish bo'yicha xalqaro trening

2019 yilning 9-13 dekabr kunlari Akademiyada «Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va raqamli ekspertizalarni o'tkazish» mavzusida Markaziy Osiyo mamlakatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari uchun xalqaro trening o'tkazildi.

Mazkur tadbir Buyuk Britaniya Birlashgan qirolligining jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy agentligining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi hamda Bosh prokuratura Akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur tadbir dasturi Buyuk Britaniya ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan, kiberjinoyatchilik sohasida tergovni amalga oshirish borasidagi bilim kasbiy ko'nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan kompleks ta'lim modulidan iborat.

Treningning amaliy ahamiyati shundaki, u jinoyat sodir etilgan joyni ko'zdan kechirishni rejalashtirish, tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishdan tortib, to raqamli dalillarni saqlash, hodisa/intsident haqida bildirgi tayyorlash va keyingi tergov harakatlarigacha bo'lgan tezkor ta'sir ko'rsatishning barcha jihatlarini qamrab olgan.

Trenerlar sifatida xalqaro ekspertlar – kiberjinoyatlarni tergov qilish sohasida 18 yildan ortiq ish tajribasiga ega bo'lgan Dj.Bleyk hamda Skotland-Yard politsiyasida 15 yillik ish stajiga ega bo'lgan R.Massil, shuningdek assistent sifatida Akademiya o'qituvchilari ishtirok etdilar.

Akademiya o'qituvchilari o'quv jarayonining faol va ob'ektiv ishtirokchilari sifatida qatnashganliklari nafaqat seminarning umumiy maqsadiga erishish hamda O'zbekistonda mavjud tergov amaliyoti uchun zarur kurs materiallarini boyitish, balki ular uchun kelgusida mustaqil ravishda shu kabi o'quv kurslarini o'tkazish bo'yicha katta tajriba orttirish imkonini berdi.

Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.