Akademiya – bu magistrlar uchun o'sish nuqtasi Akademiya ilk magistrlarining bitiruv marosimi bo'lib o'tdi

Akademiya – bu magistrlar uchun o'sish nuqtasi Akademiya ilk magistrlarining bitiruv marosimi bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasini 2019/2020 o'quv yilida “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati” va “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisliklari bo'yicha bitirgan ilk magistrlarga diplom topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o'qituvchilar, magistrlar va ularning ota-onalari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida Akademiya magistraturasi faoliyati hamda magistrlar hayotiga oid esdalik videoroliklari namoyish etildi.

O'quv yili davomida magistratura bo'limi va magistrlar tomonidan o'quv jarayoni hamda magistrlar ijtimoiy hayotini boyitish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. O'quv jarayoniga keng ravishda davlat organlari, jamoatchilik vakillari, milliy va xorijiy ekspertlar jalb qilindi.

Akademiya boshlig'i E.Kolenko tadbirni ochib, magistraturada amalga oshirilgan ishlar va qo'lga kiritilgan yutuqlar xaqida alohida to'xtalib o'tdi. Shuningdek, Akademiya boshlig'i magistrlarni keyingi shaxsiy va professional hayotida muvaffaqiyatlar tilab, ularni Akademiyada tashkil etilgan Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasi bitiruvchilari assotsiatsiyasi faoliyatida faol ishtirok etishga, Akademiya bilan kelgusidagi aloqalarni yanada mustahkamlab borishga chaqirdi.

“Kasbga endi kirib kelayotgan magistrlar uchun Akademiya prokurorlik kasbiga bo'lgan ilk qadam, prokurorlarimizga esa kasbiy o'sish nuqtasi bo'lib xizmat qiladi”, - deb ta'kidlab o'tdi E.V.Kolenko.

Shuningdek, Akademiya professori B.Po'latov so'zga chiqib, o'z fikr va mulohazalarini bildirdi hamda magistrlarga kelajakdagi ilmiy hamda professional faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Magistrlar va ularning ota-onalari Akademiya rahbariyati, professor-o'qituvchilari va xodimlariga minnatdorchilik bildirib, ular uchun Akademiya qadrli va hayotlarida muhim o'rin tutgan ilm dargohi bo'lib qolishini ta'kidladilar.

Shundan so'ng magistrlarga diplom va esdalik nishonlari topshirildi.

Bosh prokuratura Akademiyasi jamoasi Akademiyaning ilk magistrlarini tabriklaydi!