“Bolalarga nisbatan odil sudlovning xalqaro standartlari” mavzusidagi davra suhbati bo'lib o'tdi

“Bolalarga nisbatan odil sudlovning xalqaro standartlari” mavzusidagi davra suhbati bo'lib o'tdi

2019 yil 19 dekabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida O'zbekiston Respublikasi jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan idoralararo komissiya tarkibidagi ishchi guruh ekspertlari hamda “UNICEF” xalqaro tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari ishtirokida “Bolalarga nisbatan odil sudlovning xalqaro standartlari” mavzusidagi davra suhbati o'tkazildi.

Tadbirda “UNICEF” xalqaro tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi “Bolalar himoyasi” dasturining rahbari F.M.Lutfulloev hamda mazkur dastur mutaxassisi S.V.Axaeva ekspertlar sifatida ishtirok etdilar.

Davra suhbatida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy sud, Sud`yalar Oliy maktabi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida mamlakatimizda olib borilayotgan jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish jarayonida voyaga yetmaganlar javobgarligini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ekspertlar tomonidan voyaga yetmaganlar javobgarligida alohida institut sifatida yuvenal yustitsiyani joriy qilish, alohida hollarda voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligi masalasini sudga qadar bo'lgan bosqichda hal qilish va ijtimoiy ko'maklashish orqali jamiyatga qaytarishning zamonaviy usullari haqida ma'lumot berildi.

O'z navbatida, milliy ekspertlar ishtirokchilarni jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha milliy kontseptsiya bilan tanishtirib, ijobiy xalqaro tajribani amaldagi qonunchilikka o'zgartish va qo'shimchalar kiritish jarayonida qo'llash imkoniyatini ko'rib chiqishdi.

Tadbir yakunida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan ekspert ko'magi bo'yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.