O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PF–5438 va 2019 yil 27 maydagi PF–5729-sonli farmonlariga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish Bosh prokuratura Akademiyasining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
Mazkur vazifani bajarish borasida Akademiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi tomonidan joriy yilning o'tgan davri mobaynida davlat boshqaruvi, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi malakasini oshirish maqsadida 60 dan ortiq tadbirlar tashkil etilib, ularda 5 mingdan ortiq ishtirokchi qamrab olindi.
Mazkur faoliyat doirasida 2019 yilning 17-21 dekabr` kunlari Akademiyada Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy ta'lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi bilan hamkorlikda respublikadagi oliy ta'lim muassasalari boshqaruv xodimlari uchun “Kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etish, manfaatlar to'qnashuvini bartaraf qilish va korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa yo'nalishlari” mavzusida trenerlar tayyorlash qisqa muddatli kurslari o'tkazildi.
Mazkur kurslarda 80 ga yaqin oliy ta'lim muassasalarining 200 nafar boshqaruv xodimlari ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari, oliy ta'lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasining amalga oshirilish holati, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning boshqa yo'nalishlari ko'rib chiqildi.
Kurslar interfaol metodlarni qo'llagan tarzda o'tkazildi.
Oliy ta'lim tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash maqsadida tinglovchilar o'rtasida so'rovnomalar o'tkazildi, shuningdek olgan bilim va ko'nikmalar darajasi va test sinovlari asosida tekshirildi.
Tadbir yakunlari bo'yicha ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusidagi qisqa muddatli trenerlar tayyorlash kurslarini tamomlaganliklari yuzasidan sertifikatlar taqdim etildi.