Bosh prokuratura Akademiyasida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog'i loyihasi doirasida IHTT eksperti Dmitro Kotlyar ishtirokida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish masalalarini muhokamasi bo'yicha videokonferentsaloqa shaklida davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbirda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha ishchi guruh a'zolari, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sud`yalar oliy kengashi, Davlat xavfsizlik xizmati, Sud`yalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti va Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari ishtirok etishdi.
Jumladan, tadbir davomida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligini joriy etish masalasi muhokama qilindi.
IHTT eksperti tomonidan BMTning Korrupsiyaga qarshi konventsiyasida hamda IHTTning korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha Istambul harakatlar rejasi 4-raundi yakuniga ko'ra O'zbekistonga berilgan tavsiyalarida IHTT a'zo davlatlarining aksariyatida qonunchiligida mavjud bo'lgan, korrupsiya jinoyatlari uchun yuridik shaxslarning javobgarligi institutini joriy etish nazarda tutilganligi ta'kidlab o'tildi. Shuningdek, ishtirokchilar mazkur institutni qo'llash bo'yicha xalqaro standartlar va ilg'or xorijiy amaliyotlar, yuridik shaxslarning javobgarlik modellari, jazolarning turlari, javobgarlikning mustaqilligi va boshqa shu mavzu bilan bog'liq masalalar bo'yicha ma'lumot olishdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha keyingi chora-tadbirlar hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun yuridik shaxslarning javobgarligini joriy etishning ijobiy va salbiy jihatlariga oid fikr va mulohazalar bilan almashishdi.