Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig'i o'rinbosari O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida BMTning Korrupsiyaga qarshi konventsiyasi ishtirokchi davlatlari Konferentsiyasining 8-sessiyasida ishtirok etdi.
O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari korruptsiyaning oldini olish masalasiga bag'ishlangan Konferentsiya yalpi majlisidagi o'z chiqishlarida mamlakatning ushbu yo'nalishda erishgan yutuqlari haqida to'xtalib o'tishdi.
Ishtirokchilar e'tiboriga davlatimizning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining ustuvor yo'nalishlari, jumladan sud hokimiyatining mustaqilligini yanada mustahkamlash, korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilganligi to'g'risida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish tizimini yaratish, jamiyatning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish to'g'risidagi ma'lumotlar yetkazildi.
Xalqaro hamkorlik va aktivlarni qaytarish masalalariga bag'ishlangan kun tartibi mavzularini ko'rib chiqish davomida Akademiya boshlig'i o'rinbosari 2018 yil noyabr oyida o'z faoliyatini boshlagan aktivlarni qaytarish bo'yicha ARIN-WCA norasmiy tarmog'i hamda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish doirasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo'yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma'lumot berib o'tdi.
Konferentsiya davomida “Transparency International” XNT Kotibiyati, “U4” Korrupsiyaga qarshi kurash resurslar markazi direktori, Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro akademiyasi (IACA), Bazel boshqaruv instituti qoshidagi Aktivlarni qaytarish xalqaro markazi (ICAR), Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) vakillari hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining turli tarmoq hodimlari bilash uchrashuvlar tashkil etildi va hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi.