Riga oliy huquq maktabining ta'lim dasturida ishtirok etildi

Riga oliy huquq maktabining ta'lim dasturida ishtirok etildi

Xorijiy mamlakatlarning o'quv va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik doirasida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tayanch doktoranturasi doktoranti A.Davronov Riga oliy huquq maktabida Yevropa huquqi, iqtisodiyoti va siyosatini o'rganish bo'yicha uch oylik ta'lim dasturida ishtirok etdi.

Dastur Latviya Respublikasi va Norvegiya Tashqi ishlar vazirliklari, Niderlandiya, Shvetsiya, Shveytsariya hamda Amerika Qo'shma Shtatlari hukumatlari ko'magida Riga oliy huquq maktabida amalga oshirilgan. Dastur Yevropa qo'shnichilik siyosati tashabbusi bilan qamrab olingan mamlakatlar hamda Markaziy Osiyo davlatlari uchun mo'ljallangan.

Ushbu dastur davlat xizmati, nodavlat tashkilotlar hamda ilmiy soha vakillari (PhD tadqiqotchilari) uchun Yevropa huquqi, iqtisodiyoti va siyosati borasida sifatli xalqaro akademik ta'lim berish maqsadiga yo'naltirilgan.

Dastur olti asosiy yo'nalishga bo'lingan bo'lib, Yevropa huquqi va integratsiyasi, loyiha boshqaruvi, milliy rivojlanish siyosati, asosiy huquqlar, Yevropa iqtisodiy siyosati, Yevropa taraqqiyoti va xalqaro savdo huquqi, davlat sektori loyihalarini boshqarish, xalqaro savdo huquqi, byudjetni rejalashtirish, muzokaralar o'tkazish usullari, zamonaviy soliq siyosati, sog'liqni saqlash va ijtimoiy siyosat kabi 12 moduldan iborat.

Har bir modul` yakuni bo'yicha ishtirokchilarning o'zlashtirgan bilim va malakalari hamda professor-o'qituvchilarning faoliyati baholanib kelingan.

Ta'lim dasturi doirasida Bel`giya hamda Lyuksemburgga safarlar uyushtirilib, Yevropa komissiyasi raisi o'rinbosari, Yevro va ijtimoiy muloqot bo'yicha Yevropa komissari, shuningdek, Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish byurosi va Yo'l harakati xavfsizligi direktsiyasi vakillari bilan uchrashuvlar bo'lib o'tdi.

Dastur yakuni bo'yicha tinglovchilarga kirish imtihonlarini topshirmasdan turib Riga oliy huquq maktabi magistraturasi talabasi bo'lish huquqini beradigan maxsus sertifikatlar topshirildi.

Ta'lim dasturi natijalari bo'yicha Bosh prokuratura Akademiyasida professor-o'qituvchilar uchun tayanch doktorantura doktoranti A.Davronov ishtirokida “Riga oliy huquq maktabida o'quv jarayoni” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminar dasturida kasbiy ta'limda o'qitishning tayanch interaktiv metodlari, xususan Akademiya ta'lim jarayoniga masofaviy shaklini qo'llash samaradorligini oshirish borasida fikr almashildi.