Bosh prokuratura Akademiyasida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining tegishli buyrug'i bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursiga qabul qilish tanlovini o'tkazish Tartibiga muvofiq, 2019-2020 o'quv yilida prokuratura organlari rahbar kadrlarini qayta tayyorlash kursining birinchi bosqichi boshlandi.
Kursga tanlov uch bosqichdan iborat bo'lib, birinchi bosqichda nomzodlar prokuratura organlari faoliyati yo'nalishlari hamda boshqaruv asoslari bo'yicha ikki oyga mo'ljallangan masofaviy kursda o'qitiladi. Kurs yakuni bo'yicha o'qitilgan masofaviy kurs predmetlari bo'yicha imtihon o'tkazilib, uning natijalariga ko'ra eng yuqori ball to'plagan 50 nafar nomzod keyingi bosqichdagi masofaviy o'qishga qabul qilinadi.
Ikkinchi bosqichda nomzodlar zamonaviy boshqaruv asoslari, shuningdek prokuror-tergov faoliyatining dolzarb muammolarini hal etish borasidagi bilim va ko'nikmalarini, shaxsiy va ishchanlik sifatlarini takomillashtirishga yo'naltirilgan bir oyga mo'ljallangan masofaviy kursda o'qitilib, kurs so'ngida yakuniy imtihon o'tkazilishi nazarda tutilgan.
Keyingi bosqichga o'tmagan, lekin minimal malakaviy ballarni to'plagan nomzodlarga malaka oshirganlik haqida sertifikatlar topshiriladi.
Uchinchi bosqichda Bosh prokuror buyrug'i bilan tasdiqlangan tanlov o'tkazish komissiyasi tomonidan nomzodlarning o'zi ishlab turgan prokuratura organi sohaviy faoliyati bo'yicha tayyorlagan tahlil ishi baholanadi,
shuningdek yakka tartibdagi suhbat va yozma imtihon o'tkaziladi.
Mazkur kursga tanlovni yuqori darajada tashkil etish va o'tkazish maqsadida 2019 yil 25 dekabr` kuni videokonferentsaloqa orqali vebinar shaklida kursning dastlabki bosqichi bo'yicha masofaviy o'quv mashg'uloti tashkil etilib, unda qayta tayyorlash kursiga qabul qilish tanloviga nomzodi kiritilgan 250 nafardan ziyod prokuratura organlari xodimlari ishtirok etdilar.
Vebinarda masofaviy kursning maqsad va vazifalari, kursga qabul qilish tanlovini o'tkazish tartibi va bosqichlari, masofadan malaka oshirish jarayonini olib borishning tartib-qoidalari, texnik va texnologik jihatlari, shuningdek, o'quv jarayoni va nazorat turlari haqida batafsil tushuncha berildi.
Qayta tayyorlash
kursining dasturi boshqaruv va menejment asoslarini tashkil etishning innovatsion shakllari va
metodlarini o'zlashtirishga, prokuror-tergov va tahliliy ishlarni yuritish, qonun ijodkorligi
faoliyatida ishtirok etish yuzasidan kasbiy bilim hamda ko'nikmalarni chuqurlashtirishga,
tinglovchilarning yetakchilik fazilatlarini mustahkamlashga yo'naltirilganligi alohida
ta'kidlandi.
Vebinar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan
tegishli javoblar berildi.