Akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish

Akademik mobillik dasturlarini amalga oshirish

Akademik mobillikni rivojlantirish Akademiyaning intellektual kapitalini va ta'lim sifatini yuksaltirish, hamkor tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan Akademiya o'quv va ilmiy faoliyatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Xorijiy davlatlarning o'quv va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan samarali hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Akademiya doktoranti A.Djuraeva Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Shveytsariya va AQSH hukumatlari ko'magida Riga Oliy huquq maktabida yevropa huquqi bo'yicha olti haftalik intensiv o'quv kursida ishtirok etib qaytdi.

Davlat xizmatchilari, nodavlat tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari (PhD tadqiqotchilari) uchun mo'ljallangan mazkur o'quv dasturi yevropa huquqi, iqtisodiyoti va siyosati bo'yicha sifatli xalqaro akademik ta'lim berishga yo'naltirilgan.

Kurs dasturi yevropa huquqi va integratsiyalashuv, loyiha boshqaruvi, barqaror taraqqiyot milliy siyosatini ishlab chiqish, inson huquqlari, Yevropa iqtisodiy siyosati printsiplari bo'yicha 6 ta moduldan iborat uchta asosiy o'quv blokidan iborat bo'ldi.

O'qish davomida Yevropa komissiyasi raisi o'rinbosari hamda Yevropada ijtimoiy muloqot masalalari bo'yicha Yevropa komissari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

O'quv dasturida, shuningdek Yevropa parlamenti, Yevropa komissiyasi, Yevropa Tashqi aloqalar xizmati, Yevropa Ittifoqi Sudi, Yevropa auditorlar sudi va Yevropa Ittifoqining boshqa muassasalari faoliyati bilan tanishish uchun Bryussel va Lyuksemburg shaharlariga bir haftalik o'quv sayohati nazarda tutilgan.

Dastur yakunida ishtirokchilarga kursni muvaffaqiyatli tamomlaganlik haqida xalqaro sertifikatlar topshirildi.