Lund universiteti bilan hamkorlikning mustahkamlanishi

Lund universiteti bilan hamkorlikning mustahkamlanishi

Joriy yilning 16 iyul kuni Akademiyaga Lund universiteti Huquq sotsiologiyasi departamenti professori, Iqtisodiy xavfsizlik instituti (Shvetsiya) direktori Mons Svenssonning ishchi tashrifi bo'lib o'tdi.

Tashrifdan ko'zlangan maqsad hamkorlikdagi loyihalarni muhokama qilish va tomonlar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo'ldi.

Akademiya rahbariyati va xodimlari bilan uchrashuv chog'ida kelgusida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O'zaro hamkorlikdagi faoliyat natijasi sifatida, boshqa ta'lim va tadqiqot muassasalari bilan bir qatorda, Akademiya Yevropa Komissiyasi Marie Sklodowska-Curie Research and Innovation Staff Exchange dasturining huquqiy madaniyat va investitsiyaviy muhit o'rtasidagi o'zaro aloqasini tadqiq etish bo'yicha “Markaziy Osiyo huquqi: Markaziy Osiyodagi huquqiy madaniyatlar” hamda Erasmus+ International Credit Mobility dasturining korruptsiyaning oldini olish borasidagi grantlari g'olibi bo'lganligi alohida ta'kidlandi.

Tashrif chog'ida M.Svensson O'zbekistonda korrupsiyaning oldini olish borasidagi ishlar bilan tanishib, Shvetsiyaning bu sohadagi ijobiy tajribasini namoyish qildi.

Xususan, M.Svensson, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan “Oliy ta'limda korrupsiyasiz soha” loyihasini tayyorlash bo'yicha ishchi guruhi faoliyati bilan tanishib, ushbu loyihada ekspert sifatida ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi.

M.Svensson “Korrupsiyani talqin qilishda huquqiy plyuralizm” loyihasi doirasida O'zbekistonda oliy ta'lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha alohida tadqiqotni amalga oshirish imkoniyati borligini ta'kidlab, ushbu tadqiqotda Bosh prokuratura Akademiyasini hamkor sifatida ishtirok etishga taklif qildi.

 Tashrif yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.