Akademiya xodimlari va rahbariyati “El-yurt umidi” jamg'armasi taklifiga asosan nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishda AQSH tajribasidan foydalanish masalalariga bag'ishlangan videokonferentsiyada ishtirok etdi.
Mazkur tadbir “El-yurt umidi” jamg'armasi tomonidan Sirakyuz universiteti (AQSH) bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo'lib, ishtirokchilar universitetning nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish bo'yicha yuridik klinikasi faoliyati bilan tanishdi.
Vebinarda “El-yurt umidi” jamg'armasi direktori A.Bekmurodov, Sirakyuz universiteti nogironlar huquqlari klinikasi direktori M.Shvarts, mazkur universitet tadqiqotchisi M.Turdiev, ilmiy va ta'lim muassasalari hamda jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Akademiya boshlig'i E.Kolenko nogironligi bo'lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari, institutsional mexanizmlarini takomillashtirish va xalqaro normalarni implementatsiya qilish bo'yicha respublikamizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek aholining zaif qatlamlariga huquqiy yordam ko'rsatish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan klinik ta'limni joriy etish bo'yicha Akademiya tajribasini qayd etib o'tdi.
Tadbir ishtirokchilari ixtisoslashtirilgan klinik ta'lim sohasida hamkorlik qilish va o'qituvchilar malakasini oshirish, shuningdek ko'rib chiqilgan masalalar yuzasidan o'zaro axborot va metodik hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.