Akademiya, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi xodimlari Vena shahrida (Avstriya) terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida milliy instruktorlarni tayyorlash bo'yicha tashkil etilgan o'quv kurslarida ishtirok etdi.
Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi vakillari uchun terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida milliy instruktorlarni tayyorlash bo'yicha YEXHT hamda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo'yicha boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan va 2019-2020 yillarda o'tkazilishi rejalashtirilgan kurslarning dastlabkisi hisoblanadi.
O'quv dasturlari moliyaviy razvedka bo'linmasi, prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini tayyorlash bo'yicha oltita asosiy kursdan, shuningdek milliy
trenerlarni tayyorlash bo'yicha 3 ta kursdan iborat.
O'quv kursi davomida tahliliy hisobot tayyorlash, axborot manbalari va taqdim etilgan ma'lumotlar nuqtai nazaridan axborotni baholash, ob'ektlar o'rtasidagi o'zaro bog'liqliklar mavjudligini ko'rsatuvchi matritsa va diagrammalar yasash ko'nikmalarini egallash bilan bog'liq amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.
Tadbir davomida o'quv kursning asosiy afzalliklari sifatida terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalari bilan bog'liq trener sifatida tayyorgarlikdan o'tgan milliy ekspertlar guruhini tuzish, mazkur yo'nalishda xalqaro va idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, ish jarayoniga yangi zamonaviy tajriba va usullarni kiritib borish qayd etildi.
O'zbekiston Respublikasi vakillarining mazkur kursda ishtiroki sermahsul va foydali bo'lgan bo'lib, ishtirokchilar terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida treninglar o'tkazish bo'yicha o'zlarining nazariy bilimlarini boyitdilar.