Joriy yilning 26 iyulida Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha Idoralararo ekspert guruhi va Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda hamda BMTning Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi ko'magi asosida xorijiy ekspertlari ishtirokida “O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksini takomillashtirish masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Oliy sud, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi xodimlari shuningdek, Bosh prokuratura Akademiyasi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida penitentsiar tizimi sohasidagi xalqaro standartlar va normalarni inobatga olgan holda O'zbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo'nalishlari hamda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazolarni ijro etish mexanizmlarini tubdan qayta ko'rib chiqish masalalari muhokama etildi.
Tadbir yakunida umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga mos ravishda mahkumlar huquqlari doirasini yanada kengaytirish va jazoni ijro etish muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ularning ozodlikdan mahrum etish joylardan ozod etilgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan uzviy hamkorligini ta'minlash jinoiy jazolarning ijrosini ta'minlash sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlari hisoblanishi ta'kidlandi.