O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 maydagi PQ–3755-sonli “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo'yicha «Taraqqiyot» birinchi respublika tanlovi nihoyasiga yetdi.
«Taraqqiyot» respublika tanlovi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlarining yuqori malakali kadrlarini aniqlash va rag'batlantirish, yuqori darajadagi boshqaruv kompetentsiyalari va rahbarlik fazilatlariga ega bo'lgan istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash va qo'llab-quvvatlash, istiqbolli boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.
Tanlovda qatnashish uchun 16 yo'nalish bo'yicha 8000 nafardan ziyod talabgor ariza bergan bo'lib, ularning 150 nafari tanlovning boshlang'ich bosqichlaridan muvaffaqiyatli o'tib, final bosqichida ishtirok etdilar.
Bosh prokuratura Akademiyasi xodimi Nosirjon Asqarov tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, “Sud-huquq sohasida eng yaxshi boshqaruv xodimi” nominatsiyasida g'olib bo'ldi.
G'olib eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti hamda uch oylik xorijiy stajirovka o'tash imkoniyatiga sazovor bo'ldi.
Shu bilan birga, N.Asqarov Akademiyaning Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi boshlig'i lavozimiga tayinlandi.