Poytaxtimizning Chilonzor tumanida “Profinspektor” geoaxborot tizimi joriy etilmoqda

Poytaxtimizning Chilonzor tumanida “Profinspektor” geoaxborot tizimi joriy etilmoqda

Joriy yilning 29 iyul kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Majburiy ijro byurosi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi xamkorligida Toshkent shahar Chilonzor tumani IIO FMB profilaktika inspektorlari uchun biriktirilgan hududni monitoring qilish, statistikasi va nazoratini olib borish “Profinspektor” tahliliy geoaxborot tizimidan foydalanish bo'yicha trening mashg'ulotlari o'tkazildi.

Mazkur tizim O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4075-sonli qarori vazifalarini amalga oshirish doirasida Akademiya tashabbusi bilan Majburiy ijro byurosi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi tomonidan ishlab chiqilgan.

Mashg'ulot jarayonida profilaktika inspektorlari veb-portal hamda Android platformasidagi mobil ilovadan tashkil topgan tizimning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi.

“Profinspektor” tizimi jamoatchilik xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirishda bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, huquqbuzarlik sodir etilishi xavfi mavjud bo'lgan maskanlar hamda jinoyat sodir etilgan joylarni xaritada belgilash, profilaktik hisobda turuvchi shaxslar, shu jumladan, muqaddam sudlangan va jinoyat sodir etishga moyil bo'lgan shaxslar, nizoli oilalar, voyaga yetmaganlar va yoshlar elektron bazasini yuritish imkoniyatlari yaratilgan.

Shuningdek, biriktirilgan hududning umumiy statistikasini olib borish imkoniyati tizimning afzalliklaridan biri hisoblanadi.

Dastlab tizim 2019 yilning fevral oyidan sinov tariqasida Navoiy viloyatida joriy qilingan bo'lib, bugungi kunda uni keyingi bosqichma-bosqich joriy qilish ishlari olib borilmoqda.