Hozirgi vaqtda Koreya Respublikasi bilan O'zbekiston Respublikasi o'rtasida turli yo'nalishlarda, shu jumladan, har ikkala davlat Bosh prokuraturalarining jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari bo'yicha o'zaro aloqalar yuksak darajada
rivojlanib bormoqda.
Joriy yilning may oyida Koreya Adliya instituti Prezidenti Cho In Sok boshchiligidagi Koreya delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifi natijasi sifatida mazkur institut bilan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risidagi Memorandumning imzolanganligi tomonlarning professional aloqalarni
kuchaytirishdan manfaatdor ekanliklarini anglatadi.
O'z navbatida, Koreya Adliya instituti Prezidentining taklifiga asosan mazkur tashrifga javob sifatida Bosh prokuratura Akademiyasi rahbari boshchiligidagi o'zbekistonlik delegatsiya a'zolarining yuqorida qayd etilgan Memorandum doirasida shu yilning 17-18 iyul kunlari Koreya Respublikasiga tashrif buyurganligi o'zaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirish yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo'ldi.
Tashrif davomida Adliya institutida ta'lim sohasida olib borilayotgan ishlar, shu jumladan, prokuratura organi xodimlarini o'qitish dasturlari, ularning turlari, elektron ta'lim tizimi va shu kabi masalalar o'rganildi. Shuningdek, institutning Yon'in shahridagi filialida ikkala davlatning prokuratura va sud tizimi, ularning faoliyati bilan bog'liq dolzarb masalalarga bag'ishlangan qo'shma seminar o'tkazildi.
Bundan tashqari, tashrif dasturi doirasida Koreya Bosh prokurori Mun Muil bilan uchrashuv bo'lib o'tdi va O'zbekiston Bosh prokuraturasi bilan hamkorlik mexanizmlarining mustahkamlanayotganligi muhim ekanligi ta'kidlandi. O'zbekistonlik delegatsiya Koreya Bosh prokuraturasining asosiy faoliyat yo'nalishlari, amalga oshirilayotgan so'nggi o'zgarishlar va yutuqlar bilan tanishtirildi.
Yuqori darajada tashkil qilingan tashrif natijasi sifatida tomonlar o'zaro hamkorlik qilish dasturini ishlab chiqish, prokuratura organlari xodimlarini raqamli texnologiyalar sohasida o'qitishda ko'maklashish, ta'lim va ilmiy yo'nalishlarda akademik tajriba almashish, shu jumladan, tinglovchilarning stajirovkasini tashkil qilish va boshqa shu kabi muhim masalalar bo'yicha hamkorlik istiqbollarini belgilab olishdi.