O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursi yakunlandi.
Mazkur kurs O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF–5438-sonli Farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda yangi formatda tashkil etildi.
Kurs dasturi boshqaruv va menejment asoslarini tashkil etishning innovatsion shakllari va metodlarini o'zlashtirish, rahbar kadrlarning bilim va boshqaruv ko'nikmalarini rivojlantirishga, tinglovchilarning yetakchilik fazilatlarini mustahkamlashga yo'naltirildi.
Qayta tayyorlash kursi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, o'qitishning innovatsion yondashuv va texnologiyalarini qo'llagan holda tashkil etildi. O'quv mashg'ulotlarini o'tkazishga Akademiya professor-o'qituvchilari bilan bir qatorda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Qonunchilik palatasi, Adliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, shuningdek, Akademiya hamkorlari – nufuzli xorijiy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari jalb etildi.
Olti oylik mazkur kursda o'qitish blok-modul` tizimi asosida tashkil etilgan bo'lib, har bir o'quv bloki bo'yicha auditoriya mashg'ulotlari kasbiy ko'nikma va malakalarni takomillashtirish, prokuror-tergov ishining ilg'or yutuqlarini o'rgatish, shuningdek, prokuratura organlari xodimlari faoliyatidagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etishga yo'naltirilgan amaliyotni o'tash bilan birga tashkil etib borildi.
Amaliyotni o'tash jarayonida tinglovchilar o'z kasbiy faoliyatidan kelib chiqib tanlagan dolzarb mavzular bo'yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirib bordilar. Ilmiy ishlar natijalari bitiruv imtihonlari jarayonida taqdimot qilindi.
Shuningdek, bir guruh tinglovchilar Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo'jaligi va davlat xizmati akademiyasi filiali – Sibir` boshqaruv instituti faoliyati bilan tanishish uchun tashrifni amalga oshirdilar. Tashrif davomida tinglovchilar “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati” mavzusida o'quv kursida qatnashdilar hamda kurs yakuni bo'yicha ularga malaka oshirish to'g'risida guvohnomalar berildi.
Bitiruvchilarga kasbiy qayta tayyorlash haqida diplomlar topshirildi.