AQSH eksperti G.Ueddl bilan hamkorlik davom etmoqda

AQSH eksperti G.Ueddl bilan hamkorlik davom etmoqda

Joriy yilning 5 – 9 avgust kunlari Bosh prokuratura Akademiyasiga AQSH huquq sohasidagi eksperti Gregori Ueddlning navbatdagi ishchi tashrifi bo'lib o'tdi.

G.Ueddl 2017-2018 yillar davomida “Mintaqaviy dialog” xalqaro nodavlat tashkiloti hamkorligida ishlab chiqilgan Akademiyaning yuridik kadrlarni tayyorlash borasidagi salohiyatini oshirish loyihasida chetdan taklif etilgan professor vazifasida ishtirok etgan.

Akademiya rahbariyati bilan bo'lib o'tgan uchrashuv davomida kelgusidagi hamkorlik masalalari, xususan, prokuratura organlari xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash sohasidagi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish hamda yurisprudentsiya sohalarida qo'shma tadqiqotlar o'tkazish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida xorijiy mehmon Akademiyaning yangi ma'muriy binosida joylashgan mul`timedia markazi, kriminalistika xonalari, sud majlislari imitatsiyasi zali, shuningdek, kafedra, bo'lim va markazlar faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, G.Ueddl prokuratura organlari, boshqa huquqni muxofaza qiluvchi organlar va sudlar, shuningdek, o'quv-ilmiy muassasalar vakillaridan tashkil topgan O'zbekiston Respublikasining jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha ishchi guruh yig'ilishida ishtirok etdi. Uchrashuvda xorijiy ekspert O'zbekiston odil sudlov tizimida zamonaviy mexanizmlarni joriy etish borasida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashib, bu borada AQShning ijobiy tajribasidan 
foydalanish mumkinligini bildirdi. 

Tashrif yakuniga ko'ra, G.Ueddl Akademiya bilan qo'shma loyihalar doirasida hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.