O'qitishning innovatsion shakl va metodlari sohasidagi ilg'or xorijiy tajribani ta'lim jarayoniga implementatsiya qilish maqsadida joriy yilning 6-12 avgust kunlari Kaliforniya universiteti Gasting huquq maktabi (AQSH) professori May Li Spenserning Bosh prokuratura Akademiyasiga tashrifi tashkil etildi.
Tashrif oldidan Gasting huquq maktabi professorlari Ivonn Troya va May Li Spenser tomonidan iyun`-avgust oylari davomida magistratura dasturlari va Akademiya yuridik klinikasining kompleks tahlili amalga oshirildi hamda Gasting huquq maktabi tajribasini inobatga olgan holda tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
May Li Spenserning tashrif dasturidan Akademiya tinglovchilari va xodimlari ishtirokidagi qator uchrashuv hamda o'quv tadbirlari o'rin oldi.
6-8 avgust kunlari klinik ta'lim masalalari bo'yicha trenerlar uchun o'quv klinik kurslar va dasturlar dizaynini ishlab chiqish, vaziyatlar muhokamalarini o'tkazish, tinglovchilarning individual o'quv yo'nalishini kuzatish va baholash masalalarida o'qituvchilarning pedagogik mahoratini oshirishga bag'ishlangan uch kunlik trening o'tkazildi.
Magistratura va kadrlarni professional qayta tayyorlash kurslari o'quv dasturlarini ishlab chiqish bo'yicha ishchi guruh a'zolari bilan bo'lgan uchrashuv davomida tinglovchilarning yuridik klinikadagi faoliyatiga oid intensiv o'quv dasturi loyihasi ishlab chiqildi.
Dastur loyihasi klinik ta'lim sifatiga qo'yilgan talablarlar va printsiplarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan bo'lib, samarali yuridik konsul`tatsiya, muammoni tizimli yechish, huquqiy tahlil, faol taqdimot, suhbat o'tkazish ko'nikmalarini rivojlantirishga yo'naltirildi.
May Li Spenser Akademiya magistratura bo'limi hamda yuridik klinikasining himoyaga muhtoj aholiga huquqiy yordam ko'rsatish maqsadida fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish faoliyati bilan tanishdi.
Tadbir yakunida maqsadli o'quv dasturlarini ishlab chiqish, akademik mobillikni rivojlantirish, qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari bo'yicha kelgusi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.