2019 yil 8-9 avgust kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida “Mintaqaviy muloqot” XNNT hamkorligida xorijiy mamlakatlarning odil sudlovni amalga oshirishdagi tajribasini o'rganish masalasida xalqaro ekspertlar ishtirokida davra suhbati o'tkazildi.
Ekspert sifatida Lyuksemburg universitetining huquq, iqtisodiyot va moliya fakulteti dekani, professor S.Braum va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti mutaxassisi G.Ueddl ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida S.Braum Germaniya Federativ Respublikasi jinoyat qonunchiligida “nojo'ya qilmish” (prostupok) atamasining yuridik mazmuni, shuningdek retsidiv jinoyatlar va probatsiya institutlarini qo'llashning xususiyatlari haqida ma'lumot berdi.
Bundan tashqari, G.Ueddl tomonidan “aybiga iqrorlik haqida sudga qadar kelishuv” instituti, ayblanuvchi tomonidan aybiga iqrorlik haqida sudga qadar kelishuv imzolangan holatda jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko'rib chiqishning o'ziga xos xususiyatlari haqidagi AQSH tajribasi taqdim qilindi.
Shuningdek, huquqbuzarliklarning o'z xususiyatiga ko'ra jinoyat va nojo'ya qilmishlarga bo'linishining AQSH tajribasi o'rganildi.
O'z navbatida, Akademiya xodimlari xalqaro ekspertlarga jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo'yicha milliy konsepsiya bilan tanishtirib, bildirilgan xalqaro tajribani amaldagi qonunchilikka o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish jarayonida qo'llash imkoniyati haqida bildirishdi.
Tadbir yakunida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan ekspert ko'magi bo'yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.