Bosh prokuratura Akademiyasida 2019 yilning 5-8 avgust kunlari Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan “O'zbekiston uchun IHTTning korruptsiyaga qarshi kurashish loyihasi” doirasida O'zbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari uchun “Korruptsiya uchun jinoiy javobgarlik” mavzusidagi maxsus trening tashkil etildi.
Trening o'qitishning aralash shaklida (blended learning) sirtqi (masofaviy o'qitish – prezentatsiya, qo'shimcha ma'lumotlar va sinov topshiriqlari) va kunduzgi (interfaol ma'ruzalar, muhokamali sessiyalar, guruhlarda ishlash) sessiyalar asosida o'tkazildi.
Kurs trenerlari sifatida Milan prokuraturasining Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti prokurori Donata Kosta (Italiya), Milliy moliyaviy prokuraturaning Korruptsiya va soliqning o'ta og'ir jinoyatlariga qarshi kurashish boshqarmasi prokurori Vinsent Filxol (Fransiya), IHTTning ekspertlari Andriy Kuxaruk, Vitaliy Kas`ko, Bosh prokuratura Akademiyasining Korruptsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta'lim markazi xodimlari qatnashishdi.
Trening davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, ularni implementatsiya qilish bo'yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi, shuningdek korruptsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo'yicha amaliy misollar tahlil
qilindi.
To'rt kun davomida prokuratura, ichki ishlar va davlat xavfsizligi organlarining tergov tarmoqlari hamda ta'lim muassasalari vakillari korruptsiyaga oid holatlarni kriminalizatsiya qilishning nazariy va amaliy jihatlarini tahlil qilishdi va amaliyotdagi aniq misollarni muhokama qilishdi.
O'quv treningi ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy vositalari va usullari bilan tanishishga, korrupsiya va og'ir moliyaviy jinoyatlarni aniqlash, jinoiy daromadlarni legallashtirishda gumonlanuvchi shaxslarni ta'qib qilish borasidagi bilimlarini oshirish imkonini berdi.