O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasida 2019 yilning 14 avgustida Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti hamda Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda Bosh prokuratura Akademiyasi hamda Sud`yalar oliy maktabi tinglovchilari, shuningdek tergovchilar va advokatlar ishtirokida qo'shma o'quv-seminar mashg'uloti tashkillashtirildi.
Qo'shma o'quv-seminar mashg'uloti doirasida “Odam savdosi jinoyatiga qarshi kurash: muammo va yechim” hamda “Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari o'rtasida muloqot madaniyati va sud protsessida kasb etikasi qoidalariga rioya etish” mavzulari tinglovchilarning faol ishtiroki ta'minlangan xolda muhokama etildi.
Jumladan, qo'shma o'quv-seminar mashg'uloti davomida odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlarni tergov qilish va sudda ko'rish jarayonida amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar, ushbu jinoyatlar bo'yicha dalillar doirasi va ularni to'plash, tekshirish va baholash, jinoyat kvalifikatsiyasi va boshqa bir qator masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, qo'shma o'quv-seminar mashg'ulotida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari o'rtasida muloqot madaniyati, sud jarayonlarida prokuror, sud, advokatning kasb etikasi qoidalariga qat'iy amal qilishi, shu bilan birga amaliyotda uchrayotgan ayrim salbiy vaziyatlar xususida fikr yuritildi.
Tadbir ishtirokchilari qonunchilikni takomillashtirish borasida ham bir qator takliflarni ilgari surdilar.
Tadbirda qo'shma o'quv mashg'uloti amaliyotdagi muammolar va ularning yechimi yuzasidan prokurorlar, sudyalar, tergovchi va advokatlarning fikr va mulohazalarini jamlagan muloqot maydonchasi bo'lganligi alohida e'tirof etildi.
Tadbir yakunida prokuror, sud, tergov xodimlari va advokatlarning qo'shma o'quv mashg'ulotlarini davom ettirish maqsadga muvofiqligi xususida qaror qabul qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilar O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining faoliyati bilan tanishdilar.