Joriy yilning 5-17 avgust kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman (shahar) bo'limlari boshliqlari ishtirokida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
O'quv kursi dasturi asosida iqtisodiy jinoyatlar va korrupsion qilmishlarni fosh etish, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, byudjet mablag'larini talon-taroj qilish, valyuta va qurilish sohasida sodir etilayotgan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo'yicha o'quv va amaliy mashg'ulotlar o'tkazildi.
Kurs davomida tinglovchilarda ish faoliyatini tashkil etishda kompleks va tizimli tahlilni amalga oshirish, qaror qabul qilish psixologiyasi va psixologik barqarorlikni ta'minlash bo'yicha treninglar o'tkazildi. Shu bilan bir qatorda, rahbar kadrlarning boshqaruvga oid kompetentsiyalarining rivojlanganlik darajasini aniqlash uchun «assesment markazi» usulida baholash tadbirlari o'tkazildi.
Dastur doirasida X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida sayyor mashg'ulot hamda sport va madaniy tadbirlar tashkil qilindi.
O'quv tadbirlariga Akademiya professor-o'qituvchilari bilan bir qatorda Bosh prokuratura, Departament, Markaziy bank, Qurilish sohasida nazorat inspektsiyasi, Hisob palatasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tajribali mutaxassislari jalb qilindi.
O'quv mashg'ulotlari interaktiv shaklda o'tkazildi, tinglovchilar o'z faoliyatlari bilan bog'liq dolzarb masala va muammolarni muhokama qilib, ularning yechimiga oid o'zaro tajriba almashishdi.